Qiziqarli ma’lumotlar

«Fir’avnlar Qarg‘ishi» Siri
«Misr hukmdorining maqbarasiga kirgan har bir odam o‘zini o‘limga mahkum etadi» kabi vahimali va mash’um gap-so‘zlar o‘tgan asrdagi arxeologik topilmalardan so‘ng, ayniqsa, keng tar¬qala boshlagan. Har holda 1922 yili ingliz tadqiqotchisi Govard Karter tomonidan topilgan fir’avn bola – Tutanxamon dahmasiga aynan shu «Fir’avnlar qarg‘ishi» nomi berilgan. O‘shanda ilmiy ekspeditsiyaning ko‘plab ishtirokchilari (20 nafardan ortig‘i) sag‘anadagi ishlardan so‘ng sirli holatlarda birin-ketin halok bo‘lishgan. Hukmdorlar qarg‘ishi faqat Govard Karterga tegmagan, xolos, sababi 1930 yilga kelib ekspeditsiya qatnashchilaridan birgina u hali hayot edi.

Shundan so‘ng, piramidalar haqida bir biridan vahimali afsonalar to‘qila boshlandi. Biroq 1962 yilning ¬noyabr oyida Qohira universitetining biologiya va meditsina bo‘yicha professori Aziziddin Taxa piramidalarni qazish ishlarida ishtirok etgan odamlarda nafas olish yo‘llari yallig‘lanishini keltirib chiqaruvchi virus aniqlanganligini ma’lum qildi. Fir’avnlar mo‘miyolarini tekshiruvdan o‘tkazgach esa, bu turdagi yana ko‘plab bakteriyalarni topdi, darvoqe, uning fikricha, ushbu zamburug‘larning ba’zilari 4 ming yilgacha ham umrguzaronlik qilishi mumkin ekan. Tadqiqotlardan so‘ng olim «fir’avnlar qarg‘ishi»ga osonlikcha antibiotiklar yordamida barham berish mumkinligini ishonch bilan ayt¬di. Virus nega bitta Govard Karterga ta’sir etmay qolgan, degan savolga u quyidagicha javob berdi: «Bu tadqiqotchi hammadan ham ko‘p vaqtini piramidalar qad rostlagan Hukmdorlar vodiysida o‘tkazgan. Arxeologik qazilma ishlari davomida u boshqalarga nisbatan o‘sha yerdagi havodan ko‘proq nafas olgan, shu sabab uning organizmida asta-sekinlik bilan bakteriyaga qarshi mus¬tahkam immunitet shakllangan».

Markaziy Afrikadagi Port-Elizabet shifoxonasida faoliyat yuritgan tibbiyot olimi Joffri Din ko‘p sonli o‘lim holatlariga olib kelgan vaziyatning sababi ko‘rshapalak chiqindilari chirishi natijasida paydo bo‘lgan zaharli zamburug‘ changida ekanligini aytgan. Bunday xulosaga kelishga turtki bo‘lgan voqea shunday ro‘y bergandi: shifokor ishlaydigan kasalxonaga qit’a g‘orlaridagi ko‘rshapalak chiqindilarini o‘rganayotgan geolog Jon Uilz og‘ir ahvolda olib kelinadi. Doktor Din oldin ham bu kabi holatlarga duch kelgandi, chunki Janubiy Amerikada ink qabilalari yashagan g‘orlarni o‘rganishda tadqiqotchilarda Jon Uilzda kuzatilgan kasallik belgilari bo‘lgan. O‘shanda bemorlarda kasallikni keltirib chiqaruvchi va ko‘rshapalaklar chiqindilarida bo‘ladigan gistoplazmolis virusi aniqlangan. Shu tariqa, 1956 yili Joffri Din bu kasallikka «g‘or xastaligi» nomini berdi, bu yo‘l bilan «fir’avnlar qarg‘ishi» voqeasiga nuqta qo‘yishga harakat qildi. Aytgancha, Jon Uilzni u oxir-oqibat sog‘aytirib yubordi, shuningdek, mingyillik tarixga ega kasallikni ham ilmiy asoslab bergan dastlabki insonlardan biriga aylandi.
Ulardan tashqari qator mutaxassislar qadimda misrliklar o‘zlarining muqaddas qadamjolari, ya’ni maqbaralarga kirib, ularni tahqirlaydigan insonlarga qarshi radioaktiv va boshqa shu kabi turli toksinlar (zaharli moddalar) ishlab chiqqanligi haqida gapirishdan charchashmaydi. Mazkur mavzuga bag‘ishlangan yuzlab, minglab ilmiy tad¬qiqot ishlari muntazam ravishda e’lon qilinib boriladi.

Оставить комментарий